TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Uch yil oldin baxtsiz hodisa oqibatida o‘z qo‘lini yo‘qotgan Norilsklik Maksim Lyashko Rossiyada unchalik qimmat bo‘lmagan va uni qoniqtiradigan protez topa olmaganidan keyin o‘zi protez yasashga qaror qiladi.
Loyihaning dastlabki bosqichida, uning g‘oyasini qo‘llab quvvatlovchi tashkilot topilmaganidan keyin, Lyashko o‘z chizmalarini internetga chiqaradi. Rossiyaning turli burchaklaridan injener va boshqa texnik mutaxassislar unga kerakli yordam berib turishadi.
Mutaxassisligi bo‘yicha mikroelektronika injeneri bo‘lgan Maksim uchun protezning elektron qismini yaratish muammo bo‘lmagan. Mexanik va kinematik bo‘laklarni yaratishda esa unga taaluqli soha injenerlari yordam berishgan.
Kishining qo‘li amputatsiya qilinganda, u bilan bog‘liq bo‘lgan yelka va qo‘l mushaklari bir necha oy davomida ishlab turar ekan. Maksim yaratgan protezning impulslar qabul qiluvchi qurilmalari qo‘l mushaklaridan ana shunday harakatlarni ilg‘ab olib uni protezga yuboradi.
Natijada, odam protezni o‘z qo‘lini boshqargani kabi xayolan boshqarishi mumkin ekan. Bir necha oy davomida odam bunday protezni to‘liq boshqarishni o‘rganib olishi mumkin, deyishmoqda ishlab chiqaruvchilar.