TOSHKENT, 5 fev — Sputnik. Rossiyalik taniqli kino va teatr aktyori, kinorejissyor, “Brigada”, “Jmurki”, “Ostrov” kabi oʻnlab filmlarda bosh qahramon obrazini yaratgan Dmitriy Dyujev bugun Toshkent shahriga yetib keldi, deb xabar qilmoqda Darakchi nashri.
Dyujev 2016 yilning dekabr oyida yurtimizda oʻtkazilgan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar festivalida ishtirok etib, sovrindor boʻlgan, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabasi Muhlisa Azizovaning ishchi nomi “U” (Ona) nomli yangi qisqa metrajli badiiy filmida suratga tushadi. Shuningdek, bu filmda Raʼno Shodiyeva va Karim Mirhodiyevning ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
“HD CINEMA” kinokompaniyasi ushbu filmni suratga olish uchun “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi pavilonida maxsus dekoratsiya barpo qilgan. Taniqli va yosh kinoijodkorlardan iborat ijodiy guruh shakllantirilgan.
Asar bugungi kun kishilarining maʼnaviy olami, hayotiy maqsadlari hamda muammolarini ilgari suradi. Voqea markazida sevimli ayolining vafotidek ogʻir fojiani boshdan kechirgan inson tarixi gavdalanadi. Oʻtmish xotiralari, hayotidagi qalb jarohatlari uni soʻnggi imkon sari boshlaydi.
Filmni suratga olish ishlari 4-5 fevral kunlari boʻlib oʻtadi, deb xabar qilmoqda jurnalist Feruz Muhammad “Oʻzbekkino” milliy agentligi maʼlumotiga asoslanib.