TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Bugun tennis bo‘yicha norasmiy jahon chempionati hisoblangan Devis kubogining Osiyo va Okeaniya mintaqasida O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreya termasi bilan uchrashdi. O‘zbekistonliklarning ikki eng kuchli tennischisi Sanjar Fayziyev va Denis Istomin kortga chiqishdi.
O‘zbekistonning ikkinchi raketkasi Sanjar Fayziyev Xon Chon bilan kuch sinashdi. Besh set davom etgan o‘yinda Fayziyev 4:6, 4:6, 7:6, 6:4, 0:6 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Australian open-2017da jahonning ikkinchi raketkasi Novak Jokovichni sensatsion tarzda turnirdan chiqarib yuborgan O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin esa mezbonlarning Duk Xi Li ismli tennischisiga qarshi kortga tushdi va 4:6, 6:2, 7:6, 6:4 hisobida g‘alaba qozonib O‘zbekiston terma jamoasiga birinchi ochkoni keltirdi.
Ertaga juftlik bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. 5-fevral kuni o‘tkaziladigan yakkalik bahslari bilan Janubiy Koreya — O‘zbekiston o‘yini g‘olibi aniqlanadi.