TOShKENT, 2 fev — Sputnik. "Toshkent" xalqaro aeroporti xodimlari aeroportga Islom Karimov nomi berilgani bilan faxrlanadilar, bu fikr mamlakatning birinchi prezidenti tavalludi kuniga bag‘ishlab xalqaro aeroportda tashkil etilgan tadbirda yangradi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Islom Karimov butun hayotini o‘z xalqiga xizmat qilishga va mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga bag‘ishlaganini har bir fuqaro yodida tutishi lozimligini e’tirof etdilar.
"Mamlakatimizning birinchi prezidenti nafaqat O‘zbekistonda, balki butun jahonda yorqin shaxs va yetuk davlat arbobi sifatida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgandi", — dedi o‘z chiqishida Toshkent yuridik universiteti yuridik fanlari doktori Feruza Muhitdinova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarori xalqning va hukumatning respublikaning ilk yetakchisiga nisbatan munosib hurmati bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, qarorga ko‘ra Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Farg‘ona shahridagi San’at saroyi, "Toshkent" xalqaro aeroporti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi beriladi.