TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Umumiy uzunligi 72,5 metrli ko‘prikda harakatlanish ikki tomonlama bo‘ladi. Ko‘prikning har ikki qismidagi yo‘llar kengligi 10 metrdan ortiqni tashkil qiladi. shu bilan birga har ikkala tomonda ham eni qariyb 1,5 metrdan iborat 2ta piyodalar o‘tish yo‘laklari qurilmoqda. Bu haqda "O‘zavtoyo‘l" kompaniyasi xabar berdi.
Loyihachi va quruvchilar ko‘prikning nafaqat zamonaviy ko‘rinishi, balki har tomonlama chidamli bo‘lishiga ham ahamiyat bermoqdalar. Shu bois uning tayanch qirg‘oqlariga 72 dona beton qoziqlar, o‘rta tayanch qismlariga esa har birining uzunligi 14 metr bo‘lgan 104 dona metall quvurlar o‘rnatildi.
Ko‘prik qurilish tashkiloti rahbari Kamoliddin Mahkamovning aytishicha, qurilayotgan ko‘prikni mavjud asosiy yo‘lga bog‘lash maqsadida Buxoro tomonidan 247 metr, Qarshi tomonidan esa 178 metr uzunlikdagi yangi asfalt-beton yo‘l ham qurilmoqda.
Ko‘prikni Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.