TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Tojikiston tashqi ishlar vazirligi g‘ayrioddiy ob-havo sharoiti sababli xorij mamlakatlari va xalqaro tashkilotlarga yordam so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar qilmoqda.
Xabarda aytilishicha, kuz-qish mavsumida yomg‘ir va qor meyordagidan 140-170%ga ko‘p yog‘ishi ulkan tabiiy ofatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.
Tog‘li tumanlardagi aksariyat aholi maskanlari va yo‘llar qor ko‘chkilari, suv toshqinlari, tog‘ ko‘chkilari xavfi ostida qolgan. Respublika gidrometeorologiya markazining ma’lum qilishicha, fevralda ham yog‘ingarchilik meyoridan ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda qor ko‘chkisi yuz berishi oqibatida Tojikistonda 7 kishi halok bo‘lgandi. Ammo norasmiy xabarlarga qaraganda, tabiiy ofat natijasida 80dan ortiq inson halok bo‘lgan. Bundan tashqari, yuzlab avtomobillar qor ostida qolgan. Qutqaruvchilar 800ga yaqin aholini evakuatsiya qilishgan hamda 50ta yuk va 150ta yengil avtomobilni qor ostidan chiqarishgan.
Prezident Emomali Rahmonning topshirig‘iga ko‘ra qurbon bo‘lganlar va vayronalarni aniqlash hamda jabrlanganlarga yordam berish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlarining birinchi rahbarlaridan iborat maxsus operativ ishchi guruhi tuzilgan.
"Qutqaruv va profilaktika tadbirlari ulkan moliyaviy vositalarni talab qiladi. Birinchi navbatda, tegishli texnika va jihozlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, dori-darmonlar va tibbiy jihozlar, ko‘chki va seldan himoya inshootlari hamda sohillarni mustahkamlash choralarini o‘tkazish lozim bo‘ladi", — deyiladi Tojikiston TIV murojaatida.