TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Astraxanda o‘zbekistonlik talabalar soni oshmoqda, bu haqda Astraxan viloyati gubernatori Aleksandr Jilkinga "O‘zbekiston" o‘zbek madaniyati hududiy jamoat tashkiloti vakillari ma’lum qilishdi.
"Astraxanda O‘zbekistondan kelgan talabalar soni oshib bormoqda. Masalan, birgina tibbiyot akademiyasida 300dan ortiq, Astraxan davlat universitetida esa bundan sal kamroq talaba tahsil olmoqda", — dedi "O‘zbekiston" jamoat tashkiloti raisi Bahodir Aminov.
Gubernator tashkilot vakillarining kelgusi rejalari bilan qiziqdi.
"O‘zbekiston" tashkiloti viloyatda millatlararo va dinlararo xotirjamlikni saqlash borasida faol ish olib bordi, — dedi gubernator Aleksandr Jilkin. — Tashkilotning barcha tadbirlardagi faolligini alohida qayd etmoqchiman".
Hozirda Astraxan viloyatida 2600ga yaqin o‘zbeklar istiqomat qiladi. "O‘zbekiston" jamiyati viloyatda 1996-yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi. Tashkilotning vazifalaridan biri o‘zbek xalqining tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlarini tiklash va saqlab qolishdir. Jamiyat turli ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazadi, o‘zbek san’atkorlarining konsertlarini tashkil qiladi, Navro‘z bayrami tantanalarini o‘tkazishda ishtirok etadi. Astraxanda shuningdek "O‘zbegim" ijodiy jamoasi faoliyat yuritadi.