TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Huquqshunos Xushnudbek Hudoyberdiyev facebookdagi "Maslahat" guruhida bu haqda ma’lum qilgan.
"Xabarlarga ko‘ra, kelgusida oliy ta’lim muassasalarining barcha talabalariga semestrni qanday bahoga yakunlashidan qat’i nazar, bir xil miqdorda stipendiya tayinlanishi to‘g‘risida o‘zgarish kiritilishi mumkin.
Bu qaror baho ortidan quvish, yaxshi baho olish uchun moddiy manfaat va ta’magirliklarning oldini olishga ozmi-ko‘pmi xizmat qilishi shubhasiz", deb yozgan Xushnudbek o‘z sahifasida.
Mazkur qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qaror yuzasidan internet foydalanuvchilarining fikri ikkiga bo‘linmoqda.
"Ahmoqona qaror", deya unga e’tiroz bildirgan Shurzod Mutalov.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi O‘ktam O‘rintayevning fikricha esa, "agar barcha talabalarga bir xil miqdorda stipendiya tayinlansa, o‘qishga bo‘lgan intilishi tushib ketadi. Hammaga bemalol bo‘lib qoladi".
"O‘qiding nimayu, o‘qimading nima, bir xil stipendiya olsang, to‘g‘ri qaror emas", — deya Urintayev bildirgan fikrni ma’qullagan Azamat Qarshiyev.
"Kontraktni ham bekor qilishsa yaxshi bo‘lardi", — deya taklif kiritgan Kamol nikli foydalanuvchi.
"O‘qiydiganlarga qiyin bo‘ladi o‘qimaydiganlar yuraveradi 2-videmostni bo‘ylab baribir shu stipendiya deb", — deb yozgan Saidali Axtamov.
Sardor Qodiraliyevich ismli foydalanuvchi esa stipendiyalar yo‘q qilinsa yaxshi bo‘lardi, degan fikrni ilgari surgan.
"Ta’lim tizimini isloh qilish bu juda nozik masala. Bu qarorni ko‘rib chiqayotganlar ham, albatta, har tomonlama fikr yuritishlariga ishonaman. Chet el tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, umuman stipendiyani yo‘q qilishsa yaxshi bo‘lardi", — deb yozgan Sardor.
Xullas, hamma har xil fikr bildirishda davom etmoqda. Maqola muallifi yangilik rasman qabul qilinishi bilan bu haqda xabar qilishini aytgan. Sputnik O‘zbekiston ham albatta bu yangilik taqdirini kuzatib boradi.