TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. O‘zbekiston tashqi dunyo bilan munosabatlarni mustahkamlashtirishga yo‘naltirilgan ikkita "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishni rejalashtirgan, dedi media-haftalik doirasidagi muhokamalarda mamlakat tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Javlon Vahobov.
Birinchi "yo‘l xaritasi" respublikaning xorijlik hamkorlar bilan siyosiy-diplomatik sohadagi hamkorligini rivojlantirishga qaratiladi.
"U yuqori va oliy darajadagi tashriflar, uchrashuvlar, muzokaralar tashkil etish masalalarini o‘z ichiga oladi. Unga shuningdek, siyosiy maslahatlashuvlar, vazirlik va muassasalar darajasidagi maslahatlashuvlar, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ilgari surilgan tashqi siyosiy tashabbus va takliflarni amalga oshirish bo‘yicha vazifa va tadbirlar ham kiradi", — dedi Vahobov.
Ikkinchi "yo‘l xaritasi" esa to‘laligicha savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy, ilmiy-ma’rifiy sohalardagi aniq amaliy choralarni amalga oshirishga bag‘ishlanadi. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, uning asosida davlat rahbari belgilab bergan yettita ustuvor yo‘nalish mujassam.
"Eksportni kengaytirish, xorijga olib chiqiluvchi mahalliy mahsulotlar nomenklaturasini diversifikatsiya qilish, O‘zbekistondagi investitsiyaviy loyihalarda xorijlik hamkorlarning ishtiroki, ularni mahalliylashtirish jarayoniga jalb etish kabilar nazarda tutilmoqda. Biz shuningdek, xorijning yetakchi oliy o‘quv muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va boshqa qator masalalarga e’tibor qaratamiz", — dedi u.
Hozirda mazkur hujjatlar faol ishlab chiqish jarayonida, ular bo‘yicha izohlar va ekspertlar hamda jamoatchilik tomonidan to‘ldirishlarni jamlash davom etmoqda. Kelgusida bu hujjatlar hukumat qarori sifatida shakllantiriladi.