TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. "O‘zstandart" agentligi rasmiy veb-sayti orqali salomatlikka xavf solishi mumkin bo‘lgan sifatsiz mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarni berib borishni rejalashtirdi, deyiladi agentlik matbuot xizmati tomonidan.
Gap respublika hududiga kirib kelayotgan va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish vaqtida meyoriy hujjatlar talablariga nomuvofiq deb topilgan, xalq salomatligiga jiddiy xavf solishi mumkin bo‘lgan sifatsiz mahsulotlar haqida bormoqda.
"O‘zstandart" agentligi tomonidan sifatsiz deb topilgan mahsulotlar bozorlarda va boshqa savdo majmualarida sotilayotganligining guvohi bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda "O‘zstandart" agentligining 0 371 150 23 00 raqamli ishonch telefoniga xabar berishlari mumkin.
Mazkur tashabbus 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilinganligi munosabati bilan amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti 2017-yilni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qildi. Buning asosini "Inson manfaatlari barcha narsadan ustun" tamoyili tashkil etadi.