TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi saytida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha Xalqaro ijodiy tanlov nizomi e’lon qilindi.
Nizomda bildirilishicha, mazkur ijodiy tanlov bir bosqichda Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Unda mutaxassis haykaltaroshlar, arxitektorlar ishtirok etishi mumkin.
Tanlovning boshlanish sanasi ommaviy axborot vositalarida tanlov shartlari e’lon qilingan kundan so‘ng aniqlanadi.
Tanlov shartiga ko‘ra anonimlikni saqlash uchun Xalqaro ijodiy tanlov ishtirokchilari o‘z loyihalarini barcha materiallarining pastki o‘ng burchagida hamda yashirin kodli konvert yuzida oltita belgidan iborat yashirin kod ostida taqdim etishadi (yashirin kod raqamlari ketma-ketlikda bo‘lmasligi lozim).
Xalqaro ijodiy tanlov ishtirokchilari bir yashirin kod ostida ikkitagacha tanlov loyihasini taqdim etishlari mumkinligi ko‘rsatilgan.
Nizomda shuningdek, Samarqanddagi yodgorlik o‘rnatiladigan joy chizmasi: ajratilgan maydon va uning atrofi fotosurati, hududning asosiy rejasi ko‘rsatib o‘tilgan.
Tanlov ishlari hakamlar hay’atiga tanishish uchun 2017-yil 31-martgacha Toshkent shahri, Sh.Rashidov ko‘chasi, 40-uyga — O‘zbekiston Badiiy akademiyasining badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zaliga yuborilishi lozim.
Xalqaro ijodiy tanlov g‘oliblari tanlov natijalariga ko‘ra mukofot topshirish marosimiga taklif etiladi. G‘oliblarning yo‘l xarajatlari tashkiliy qo‘mita tomonidan qoplanadi.
Tanlov natijalarini hakamlar hay’ati taqdim etadi. Hakamlar hay’ati tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi. Tanlov natijalari tashkiliy qo‘mita hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi saytida e’lon qilinadi.