O‘zbekistonda maxsus futbol telekanali ishga tushadi

Obuna bo‘lish
O‘tgan hafta oxirida elektron OAVlar faoliyatini tartibga solishga mas’ul bo‘lgan maxsus hukumat komissiyasi uchta yangi kanalga faoliyat boshlashi uchun ruxsatnoma berdi

TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Tez orada O‘zbekistonda uchta yangi xususiy telekanal paydo bo‘ladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan hafta oxirida elektron OAVlar faoliyatini tartibga solishga mas’ul bo‘lgan maxsus hukumat komissiyasi uchta yangi kanalga faoliyat boshlashi uchun ruxsatnoma berdi.

"Ulardan biri anchadan beri aytib kelinayotgan "Zo‘r TV" bo‘ladi. Shuningdek, maxsus "Futbol" va "Karvon TV" telekanallari ham faoliyat boshlaydi. Biz bu uchala kanal mamlakat teleefiriga rang-baranglik olib kirishiga ishonamiz", — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Keyingi besh yilda O‘zbekistonda "Mahalla", "Dunyo bo‘ylab", "Madaniyat va ma’rifat", "Oilaviy", "Diyor", "Kinoteatr", "Bolajon", "Milliy TV", Uzreport TV va boshqalar kabi o‘nlab telekanallar tashkil etildi.

Ayni paytda respublikada muqobil televideniyedan DVB-T2 shaklidagi raqamli tvga o‘tilmoqda. Aholining raqamli televidenie bilan qamrab olinishi deyarli 90%ni tashkil etadi.

2011 yil noyabrida O‘zbekistonda MDH mamlakatlari ichida birinchi bo‘lib HD shaklidagi telekanal — UzHD efirga uzatila boshlagan. Respublika viloyatlarida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibiga kiruvchi raqamli 12 ta televizion va to‘rtta radiokanal ishlamoqda.

2016 yil 1-dekabrdan qator hududlarda DVB-T2 shaklidagi "Milliy TV" va Uzreport TV kanallari ham efirga uzatila boshlandi.

Yangiliklar lentasi
0