Demak, bugungi xabarlarda erkaklar qovoq solib, ayollar chapak chalib qarshi olgan yangi qonun, Turkiya tomonidan terrorchilikda ayblangan Masharipov, 29 yashar o‘g‘lini mer qilib tayinlab, so‘ngra xalqini o‘chmaydigan svet bilan ta’minlagan Emomali Rahmon haqida so‘z boradi.
1. Ajrashayotgan erkak o‘z oilasini uy bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi
Yangilik internet foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. Qizig‘i, erkaklar "endi uylanadiganlar soni kamayadi", degan fikrni ilgari surishgan bo‘lsa, ayollarning aksariyati "bizning haq-huquqlarimizni ham o‘ylaydiganlar bor ekan" deya o‘z xursandchiliklarini yashirmadilar.
Xabar ostida "O‘zbekistonda ham Yevropa davlatlarida kabi "nikoh shartnomasi"ni joriy qilish vaqti keldi shekilli", deya izoh qoldirganlar ham topildi. Xullas, siz ham ushbu xabarni o‘qib, boshqalar bilan fikrlashishingiz mumkin.
2. Turkiyada O‘zbekiston fuqarosi terrorchilikda ayblandi
Turkiya prezidentining buyrug‘iga asosan amalga oshirilgan maxsus operatsiya natijasida Istanbuldagi tungi klubga qurolli hujumni amalga oshirgan shaxs qo‘lga olindi. Laqabi Abu Muhammad Xurosoniy bo‘lgan Masharipovning O‘zbekiston fuqarosi ekanligi ma’lum qilindi. Masharipov tungi klubga hujum qilganidan afsuslanmasligini bildirgan.
3. Tursunoy Sodiqovaning vafoti
Andijonlik shoiraning vafoti minglab qalblarni larzaga soldi. "Xalq uchun fidoyilik qilib muhabbat ulashgan inson Xalq qalbi va xotirasida mangu qolajak. Ilohim joylari jannatdan bo‘lsin…" Xabarga internet foydalanuvchilarining aksariyati ana shunday fikr bildirgan.
4. Gulnora Karimova bilan ko‘rishgan advokat iqrori
O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi atrofidagi uzunquloq gaplar hamon tingani yo‘q. Ayrim OAVlar "Gulnora Karimova vafoti" haqida har oy xabar qilishni odat tusiga aylantirgan, hatto. Jenevalik advokat Greguar Manja esa Gulnora bilan dekabr oyida ko‘rishganini aytdi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Dushanbeni 20-yilga yaqin muddat boshqarib kelgan Maxmadsaid Ubaydulloyevni ishdan olib, uning o‘rniga 29 yashar o‘g‘lini mer etib tayinladi. Bu xabar tojikistonliklar orasida katta shov-shuv ko‘targach, oradan ikki kun o‘tib, Rahmon, respublikadagi barcha xonadonni 24 soat o‘chmaydigan svet bilan ta’minladi.
Kuni kecha Tojikiston hukumati Rog‘un GESi haqidagi yangi xabarni e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, Rog‘un GESi "uyqudagi ajdaho" deb ataladigan Sarez ko‘li namunasida qurilar emish…