TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidenti Serjo Mattarellaga Gran-Sasso-d Italiya tog‘li massividagi qor ko‘chishi oqibatida insonlarning halok bo‘lishi munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etilgan maktub yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
O‘zbekiston rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda jarohatlanganlarga samimiy hamdardlik va qayg‘udoshlik so‘zlarini yetkazishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, 19-yanvarga o‘tar kechasi Italiyaning Abrusso viloyatidagi Rigopiano mehmonxonasi ulkan qor ko‘chkisi ostida qolishi oqibatida mehmonxonada bo‘lgan 30ga yaqin kishining aksariyati halok bo‘lgandi.
Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, qor ko‘chishiga Italiyaning markaziy hududlarida yuz bergan zilzila sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.