TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. CNN telekanali Donald Tramp inauguratsiya vaqtida o‘ldirilsa prezidentlik vakolati kimga o‘tishi haqida lavha tayyorladi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Reportor Brayan Todd nafaqat saylangan prezident, balki vitse-prezident va kongressning yuqori martabali amaldorlariga bo‘ladigan suiqasdlar ssenariysini ham ko‘rib chiqdi.
Telekanalning ma’lum qilishicha, AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident va vitse-prezident o‘ldirilgan bo‘lsa yoki biror sababga ko‘ra o‘z vazifalarini bajara olmasa, ularning o‘rnini vakillar palatasi spikeri egallaydi, agar u bilan ham nimadir sodir bo‘lsa, unda bu vazifani senatning vaqtinchalik raisi boshqaradi. Agar ularga ham nimadir bo‘lsa, u holda prezidentlik vazifasi davlat kotibidan boshlab vazirlarga o‘tadi.
Bugun bo‘lib o‘tadigan inauguratsiya bilan bog‘liq vaziyat esa yanada murakkab. Tush paytiga kelib Barak Obamaning vazirlari, jumladan davlat kotibi Jon Kerri ham vakolatlarini topshirib bo‘lishadi.
Lekin Tramp tomonidan bu lavozimga ilgari surilgan Reks Tillerson hali senat tomonidan tasdiqlanmagan.
Shuning uchun 20-yanvar tush paytida davlat departamenti boshlig‘i vazifasini davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tom Shennon vaqtinchalik bajarib turadi. Bundan tashqari, AQShda favqulodda vaziyatlar uchun navbatchi voris ham tanlab qo‘yiladi, odatda u vazirlardan biri bo‘ladi. U inauguratsiya marosimida ishtirok etmaydi va yashirin joyda qo‘riqlanadi, ismi ham oshkor etilmaydi.
Navbatchi voris ham Tramp jamoasidan bo‘lmaydi — senat hali hech kimni tasdiqlagani yo‘q. U Obama ma’muriyatidan bo‘ladi, deydi CNN.
"Inauguratsiyada ikkita vorislik yo‘li bor: biri — hozircha hukumat tepasida turgan Barak Obama ma’muriyati, ikkinchisi esa Donald Tramp lavozimni egallab, senat uni tasdiqlaganidan keyin paydo bo‘ladi", — dedi siyosatshunos Jon Fortye.
CNN lavhasi ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga uchradi.
Eslatib o‘tamiz, bugun AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tadi.