TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Madridda FITUR xalqaro turizm ko‘rgazmasi 37-marotaba ish boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda. Ushbu xalqaro ko‘rgazma turizm sohasidagi dunyoning eng yirik tadbirlaridan sanalib, Ispaniya qirolligi hukumati va Madrid shahrida joylashgan Butunjahon turizm tashkilotining alohida ko‘magi bilan tashkil etiladi.
Kecha Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Sharapov boshchiligidagi delegatsiya ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning birinchi kuni yakunlariga ko‘ra, A.Sharapov Ispaniya energetika va turizm vazirligining turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i hamda "World Tourism City Federation" federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
A.Sharapov shuningdek, Ozarbayjon madaniyat va turizm vaziri A.Karayev bilan muzokara o‘tkazdi. Muzokarada ikki tomonlama hamkorlik va "Ipak yo‘li" brendini tanitishda birgalikda tadbirlar o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Ko‘rgazmaning ikkinchi kunida O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etish, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining qator xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvi, ispan va o‘zbek turoperatorlarining V2V shaklidagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.