TOSHKENT, 17 yanv — Sputnik. Oxirgi yillar davomida Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozorida oʻtkailgan izlanish, ushbu sohada qator muammolar saqlanib qolayotganini koʻrsatdi. Ilmiy ish haqida qisqacha sharh qoʻyida chop etilgan.
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi tadqiqotlar Markazi tomonidan chop etilgan ushbu monografiyada Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar koʻchmas mulk bozoriga bagʻishlangan birinchi ilmiy ish boʻldi.
“Monografiyada koʻchmas mulk bozorining bugungi kundagi ahvoli chuqur tahlil qilingan holda, uning nazariy va amaliy tomonlari oʻrganib chiqilgan. Shuningdek, mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish, bozor munosabatlarining ushbu sohasini faoliyat koʻrsatish mexanizmini yanada takomillashtirish boʻyicha kontseptual takliflar keltirilgan”, — deyilgan xabarda.
Mualliflar sohada mavjud boʻlgan muammolar orasida uning faqat davlat tomonidan nazorat qilinishi, mavjud boʻlgan yerlarning aksariyati davlat tasarrufida qolayotgani va rieltorlar uyushmalari sohada hech qanday rol oʻynamayotgani haqida aytib oʻtishgan.
Shuningdek, ilmiy ishda viloyatlar va poytaxtda koʻchmas mulk bozorining turlicha rivojlangani va koʻchmas mulkni sugʻurtalash xizmatlari sohasining sust rivoji ham aytib oʻtilgan.
Tadqiqotchilar fikriga koʻra, koʻchmas mulk bozorida “qora maklerlar” ham oʻzlarining salbiy rolini oʻynamoqda. Ilmiy ishda aytilishiga koʻra, aynan shunday roʻyxatdan oʻtmagan “qora maklerlar” koʻchmas mulk bozorining katta qismini nazorat qilmoqda. Turli ruxsatnomalar va rasmiy ishlash huquqiga ega boʻlmagan “qora maklerlar” qonuniy ishlayotgan rieltorlar bilan yonma-yon faoliyat koʻrsatmoqda.
Olimlar fikriga koʻra, bunday noqonuniy faoliyat bilan kurashish uchun litsenziyasiz ishlagan rieltorlarga jarima miqdorini oshirish, turli komissiyalar tekshiruvi tashkil qilish, namunali shartnomalar ishlab chiqish va ulardan foydalanish hamda Rieltorlar Assotsiatsiyasi tomonidan nazoratni kuchaytirish kerak.