TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. Tez orada Toshkentning Yashnobod va Olmazor tumanlarida maxsus innovatsion texnoparklar yaratish rejalashtirilgan, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Mazkur texnoparklarni barpo etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Texnoparklar yaratish tashabbusi esa Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan yil noyabrida poytaxtlik saylovchilar bilan uchrashuvda ilgari surilgan edi.
Yashnobod tumanidagi texnopark materialshunoslik, elektron asbob va kontrollerlar, ozuqa va biologik faol qo‘shimchalar, dori vositalari sohasida tadqiqotlar o‘tkazish va kichik innovatsion ishlab chiqarishlar tashkil etish maqsadida barpo etiladi. O‘z navbatida Olmazor tumanidagi texnopark metallarni qayta ishlash texnologiyasi, energiya tejamkorligi, muqobil energiya manbalari va elektron o‘lchov asboblari, robototexnika, mashinasozlik va elektronikani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, ichki va tashqi bozorda talabgir yuqori texnologiyali, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yetakchi sanoat va kichik innovatsion korxonalar tashkil etish ularning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
Bundan tashqari, ular zamonaviy xorij texnologiyalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarga joriy etish, ushbu maqsad uchun yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etishga qodir mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish bilan ham shug‘ullanadi.
Texnoparklar zimmasiga ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalar samaradorligini oshirish uchun oliy ta’lim muassasalari, akademik fanlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro uzviy aloqani yo‘lga qo‘yish, ushbu maqsadda olimlar, yuqori malakali mutaxassislar, amaliyotchilar hamda talabalarni jalb etish vazifasi ham yuklatilgan.
Texnopark qatnashchilari yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslarning mulk solig‘i, ijtimoiy infrastrukturani obodonlashtirish va rivojlantirish, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi.
Shuningdek, ularga o‘z ishlab chiqarish va qurilish ehtiyojlari uchun chetdan keltiriladigan uskuna, xomashyo, reaktiv va butlovchi mahsulotlar uchun bojxona to‘lovlarida imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda.
Texnoparklar qatnashchilariga yetti yildan kam bo‘lmagan va Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan foiz stavkasiga ega ikki yillik imtiyozli kreditlar ajratilishi ular uchun qo‘shimcha omil bo‘ladi.
Texnopark qatnashchisi maqomi 10-yil muddatga beriladi.