TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Moskva hukumati migrantlar uchun poytaxtda yurish-turish qoidalari tasvirlangan komiks qo‘llanma tayyorladi, deb xabar qilmoqda Sputnik Tojikiston.
Qo‘llanma Milliy siyosat, hududlararo aloqalar va sayyohlik departamenti burtmasiga binoan Moskva Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat tashkiloti tomonidan yaratilgan. Buyurtma qiymati 7 mln rublni tashkil qildi. Tiraj — 50 ming ekzemplyar. 100-varaqli qo‘llanma Moskvada yashayotgan migrantlar orasida tarqatiladi.
Qo‘llanmada rus ertaklari qahramonlari obrazlaridan keng foydalanilgan. Masalan, politsiya xodimlari — rus ertaklaridagi uch bahodir qiyofasida chizilgan. Migrantlarga rus tilini — Dono Vasilisa va shoir Pushkin o‘rgatadi. Yuriy Dolgorukiy mehmonlarni Moskva bo‘ylab sayohatga taklif qiladi. O‘lmas Kashey bo‘lsa — migrantlarga noqonuniy ishlashni taklif qiladi….
Qo‘llanmada shuningdek, migratsion karta olish, registratsiya va patent rasmiylashtirish jarayonlari haqida to‘liq ma’lumotlar berilgan. Moskva hukumati fikriga ko‘ra, qonun-qoidalarni shunday yo‘l bilan tushuntirish "mahalliy aholi va migrantlar orasidagi keskinlikni yengillashtirishi kerak".