TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. O‘zbekiston 2016-yili undan oldingi yilga nisbatan uch barobar ko‘p, ya’ni 67 ming tonnadan ziyod mosh eksport qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri "O‘zagroeksport"dagi manbaga tayangan holda.
O‘zbekistondan ushbu mahsulotni xarid qilayotgan asosiy davlat — Hindiston bo‘lib qolmoqda.
"Mahsulot asosan Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridan yuklanmoqda.
2017 yil yanvar oyining birinchi o‘n kunligida "O‘zagroeksport" AJ tomonidan Hindistonga jami 300 tonnaga yaqin mosh mahsuloti eksportga yuklangan bo‘lib, oy oxirigacha yana 2 ming tonna moshni eksport qilish buyurtmasi ustida ish olib borilmoqda.
Hindistondagi hamkorlar taklifiga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonning turli hududlariga sinov tariqasida moshning yangi navlari, xususan, "Black Matpe" navi ekilib, eksport qilinishi rejalashtirilgan", — deb ta’kidlagan manba.