TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘zining ikkinchi prezidentlik muddatini yakunlayotgan AQSh prezidenti Barak Obama Chikagoda so‘zlagan vidolashuv nutqida rafiqasi Mishel u uchun o‘rnakka loyiq insonligini, ayolining do‘stona munosabatini juda ham qadrlashini aytib o‘tdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
"Sen men uchun o‘rnakka loyiq inson eding, sen meni sen bilan faxrlanishga majbur qilding va sen bilan butun mamlakat faxrlandi", — dedi Obama rafiqasiga qarab Chikagodagi xayrlashuv nutqida. Barak Obama AQShning yangi prezidenti o‘z vakolatlarini qabul qilgan kun — 20-yanvar sanasida prezidentlik faoliyatiga yakun yasaydi.
"Mishel Obama haqida gapirar ekan, Obamaning ko‘zlarida yosh qalqdi, Mishel esa o‘zini nihoyatda osuda tutdi", — deb yozgan nashr. "So‘nggi 25-yil davomida sen menga rafiqa, farzandlarimga ona, eng asosiysi esa menga do‘st bo‘lding", — deb aytgan Obama. Kuzatuvchilar Obama prezidentligining ikki muddatida ham, ya’ni sakkiz yil davomida Oq uy hayoti janjallardan xoli, osuda kechganini e’tirof etishmoqda.
AQSh vitse-prezidenti Jo Baydenga yuzlanar ekan, Obama Jo shu yillar mobaynida unga akasidek bo‘lib qolganini e’tirof etgan. "Kabinetda qabul qilgan ilk qarorim — sen to‘g‘ringdagi tayinlov edi va u eng yaxshi qaror bo‘lgan", — degan Obama o‘z vitse-prezidenti to‘g‘risida.