TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda 2016-yilda eng ko‘p sotilgan kitoblar reytingining "Ijtimoiy-siyosiy adabiyot" yo‘nalishidi birinchi o‘rinni Islom Karimovning "Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch" asari egalladi. O‘zbekistonning birinchi prezidenti mualliflik qilgan yana uch kitob mazkur bo‘limdagi yuqori beshlikdan joy oldi, deb xabar beradi Podrobno.uz.
Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi kitoblar orasida Tohir Malik qalamiga mansub "Mehmon tuyg‘ular", "Odamiylik mulki" asarlari hamda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning "Ruhiy tarbiya" kitobi eng ko‘p sotilgan.
"Badiiy adabiyot" yo‘nalishida o‘zbekistonlik kitobxonlar O‘tkir Hoshimov, Marsel Brion va Chingiz Aytmatov asarlariga ko‘proq e’tibor qaratishgan.
Respublikaning yosh kitobsevarlari orasida esa Xudoyberdi To‘xtaboyev, Jonatan Svift va G‘afur G‘ulom asarlari ommabop bo‘lgan.