TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK tarkibiga kiruvchi MAI aviakompaniyasi 2022-yilning 1-yanvariga qadar barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etiladi, deb xabar beradi MAK matbuot xizmati.
"Maxsus aviatsiya ishlari" aviakompaniyasi (MAI) 1997-yilda tashkil etilgan bo‘lib, "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Uning tasarrufida transport va yo‘lovchi variantidagi An-2 samolyotlari va Mi-8MTV-1 vertolotlari bor.
MAI aviakompaniyasi donli ekinlarga ishlov berish, qisholq xo‘jaligida begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha aviatsiya-kimoviy ishlarni bajaradi. Shuningdek, Mi-8MTV-1 vertolotlarida qor qoplamini kuzatish, toshish xavfi bo‘lgan ko‘llar monitoringini o‘tkazish xizmatlarini ko‘rsatadi.