TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasining XXX Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikramov olib bordi. Unda to‘rt yillik olimpiya siklida qilingan ishlar, erishilgan natijalar borasida qo‘mita bosh kotibi Oybek Kasimov hisobot berdi.
Bosh Assambleya yig‘ilishida Milliy olimpiya qo‘mitasining to‘rt yillik sikldagi faoliyati qoniqarli deb bir ovozdan qabul qilindi. Shundan so‘ng Milliy olimpiya qo‘mitasiga yangi prezident saylash marosimi bo‘lib o‘tdi va ushbu lavozimga "O‘zbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasi raisi Alisher Sultonov bir ovozdan saylandi.
Sport federatsiyalari va taniqli sportchilarning taklifiga ko‘ra Mirabror Usmonov Milliy olimpiya qo‘mitasining faxriy prezidenti etib tayinlandi. O‘z navbatida o‘tgan davr mobaynida qo‘mitaga rahbarlik qilgan Mirabror Usmonovga butun sport jamoatchiligi va olimpiya harakati ishtirokchilari nomidan minnatdorchilik izhor etildi.