TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari geroin savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydilar, deb ma’lum qildi manba Sputnik muxbiriga.
Maxsus operatsiya chog‘ida xavfsizlik xizmati xodimlari Chirchiq shahrida yashovchi 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Maksim Zverevni qo‘lga olishdi.
"Zverev mijozga 1 gramm geroin sotayotganida qo‘lga olindi. U mazkur giyohvandlik moddasini O‘zbekiston fuqarolari Mixail Golovizin va Muhammadxon Toshmatovlardan sotish maqsadida olganligini bildirdi. Tergov tadbirlari natijasida uyushgan jinoiy guruhning qolgan a’zolari ham qo‘lga olindi", — dedi MXX vakili.
O‘sha kuniyoq tezkor tadbir natijasida M.Golovizin va M.Toshmatov qo‘lga olindi. Ular ilgari giyohvand moddani noqonuniy saqlagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi bo‘yicha sudlanganligi ma’lum bo‘ldi.
Tergov davomida M.Golovizin va M.Toshmatovlar Toshkent viloyati hududida geroin sotish bilan shug‘ullanganliklari aniqlandi. Ular giyohvand moddalarni Toshkent shahrida yashovchi Aleksey ismli shaxsdan olishlari haqida ko‘rgazma berishdi.
Qo‘shimcha tezkor tadbir chog‘ida maxsus xizmat vakillari bu shaxsni ham 2 gramm geroin sotishga uringan vaqtida qo‘lga olishdi. U giyohvand modda sotgani uchun ilgari sudlangan 26 yoshli Aleksey Valuyev bo‘lib chiqdi. Shuningdek uning sherigi qozog‘istonlik 36 yoshli Bahodur Boboyev ham qo‘lga olindi.
"Uyushgan guruh a’zolarining ko‘rgazmalari asosida tezkor xodimlar giyohvand moddani yetkazib beruvchi asosiy shaxs — Toshkentda ro‘yxatdan o‘tmasdan yashayotgan 51 yoshli Qozog‘iston fuqarosi Elbrus Aliyevni qo‘lga olishdi. Uning yashash joyi ko‘zdan kechirilganida 59,1 gramm geroin, 4,5 ming dollar va 18,7 million so‘m pul borligi aniqlandi", — dedi suhbatdosh.
Aliyevning iqror bo‘lishicha, u giyohvand moddalarni Sirdaryo viloyatiga aylanma yo‘llar orqali keluvchi Tojikiston fuqarosidan olgan.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.