TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. Bokuda suriyalik jangari qidirilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yolg‘on bo‘lib chiqdi, Ozarbayjon IIV bedarak yo‘qolgan o‘zbekistonlik shaxsni qidirmoqda, deb xabar qildi Vesti.Az agentligi.
Ilgariroq ijtimoiy tarmoqlarda Bokuga Suriyadan jangari kirib yashiringani haqida xabarlar tarqalgandi. Shu bilan birga shahar ko‘chalarida bir yigitning suratlari yopishtirilgan va uni ko‘rganlardan ko‘rsatilgan telefon raqamlariga murojaat qilish so‘ralgandi, deb xabar beradi RIA Novosti.
"Bokuda suriyalik jangarini emas, O‘zbekiston fuqarosi Ahmadjonov Mahammadjon qidirilmoqda. U 1992-yil 26-avgustda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2016-yilning iyunidan buyon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz uni qidirishda yordam berishimizni so‘rashgandi, shuning uchun yigitning suratlari shahar bo‘ylab yopishtirib chiqilgan", degan Ozarbayjon IIV matbuot xizmati rahbari politsiya polkovnigi Sadiga Gezalova.