TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. Turkiya OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, Istanbuldagi tungi klubda amalga oshirilgan teraktga dahldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi Yaxyo Mashrapov o‘zining bu hodisaga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda, deya xabar qildi RIA Novosti seshanba kuni.
Ilgariroq, OAVlarda Istanbuldagi tungi klubda amalga oshirilgan teraktda Qirg‘iziston fuqarosi gumonlanayotgani haqida xabarlar tarqatilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda gumondorga tegishli pasport surati ham paydo bo‘lgandi.
RIA Novosti ma’lumotlariga ko‘ra, Mashrapov 3-yanvar kuni Turkiyadan Bishkek aeroportiga uchib kelgan va shu vaqtning o‘zida mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (GKNB) xodimlari tomonidan so‘roq qilingan.
"Ular meni bir soat davomida so‘roq qildilar. Shu bois, Bishkekka qarab uchadigan samolyot bir soatga qoldirildi. Ular menga Yangi yil kechasida ro‘y bergan terakt yuzasidan so‘roq qilishlarini aytishdi. Aytishlaricha, men fotosuratdagi jinoyatchiga o‘xshar emishman. So‘roq tugagach, mendan uzr so‘rashdi va samolyotga chiqishimga ruxsat berishdi", — deb aytgan Mashrapov.
Mashrapovning so‘zlariga ko‘ra, 31-dekabr kuni u Qirg‘izistonda bo‘lgan va shu bois, teraktga aloqadorligi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Mashrapov, shuningdek, uning pasporti surati internet tarmog‘ida qay tarzda tushib qolganini bilmasligini ma’lum qilgan.