TOShKENT, 2 yanv — Sputnik. Yaqin-yaqinlargacha Respublika Bosh archasining Mustaqillik maydonidan "Anhor-Lokomotiv" parkiga ko‘chirilishi puxta o‘ylangan va to‘g‘ri ishdek taassurot uyg‘otgan edi. Ammo tomoshalarning ilk kunlaridanoq bu xom tasavvur ekanligini isbotlandi. Archa nafaqat shu atrofda yashovchi poytaxt aholisi, balki, Yangi yil malikasini tomosha qilishga kelguvchilar uchun ham bir qator tashvishlar keltirdi.
Ilgarilari Yangi yil archasi ma’muriy kvartal deb atalmish — Mustaqillik maydonida qad rostlar edi. Militsiya xodimlari archa yonidan o‘tadigan asosiy trassani yopar, MXX binosi yonidan vaqtinchalik yo‘l ochilar edi va tirbandlik masalasi shu bilan qisman bo‘lsa-da, hal etilardi.
Endi-chi?
Archa — aholi eng zich joylashgan tumanda o‘rnatilgan. Bu hududga olib keluvchi va undan olib chiquvchi yo‘llar ham sanoqli. Bundan tashqari, shaharni bir nechta tumanlar bilan bog‘lovchi gavjum trassalar ham shu hudud yonidan o‘tgan. YHXBB xodimlarining puxtalik bilan tashkillashtirilmagan ishi bilan hamohang bu holat tumanda doimiy tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Haydovchilar va fuqarolar o‘zlarining ilk noroziliklarini internetda "to‘kib sochdilar". Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining biri Bosh archa atrofidagi holatni quyidagicha tasvirlagan: "Labzakda tartibsizlik avj nuqtasida. Tirbandlik shu daraadaki Abu-Saxiy dam oladi. Melisalar son-sanoqsiz, ammo ular ham bu ishning uddasidan chiqolmayaptilar, chunki bu aholi eng zich joylashgan kvartallardan biridir".
"Archani har doimgidek Mustaqillik maydonida o‘rnatish kerak edi. Ammo rahbariyat to‘g‘ri qaror qilgan bo‘lsa kerak, balki shunday qilish kerak bo‘lgandir, bayram ko‘lami shu darajadaki, hatto DAN xodimlari ham eplay olishmayapti", — deya fikr bildirgan internet foydalanuvchilaridan yana biri.
"Odamlar o‘z uylariga mashinada kira olishmayapti. DAN xodimlari aholiga qulaylik yaratish uchun yo‘lni qayerda to‘sib, qayerda ochish kerakligini yaxshi bilmaydi"…
"…Agar hamma tomoshabin avtomobillarda kelishini hisoga oladigan bo‘lsak, albatta, archa uchun noqulay joy tanlangan. Yangi yil tomoshalariga 1-2 soat vaqt ajratishni rejalashtirganlar uchun probkada o‘tirish unchalik ham xush kelmaydi", — deb ta’kidlaydi yana bir foydalanuvchi.
Ushbu holatga xolis baho berish uchun Sputnik O‘zbekiston muxbirlari voqea joyiga borishdi.
Haqiqat internetda aytilgan gaplarga mos tushdi. Parkka kelish uchun 30 daqiqacha probkada turishga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari park yonida avtoturargoh ham tashkil etilmaganligi oydinlashdi. Mashinalar yo‘llar chetida, yo‘laklarda avtobus bekatlarida "qo‘nim togan" va bu bilan shundoq ham murakkab vaziyatni yanada chigallashtirgan edi.
Muxbirlar shu yon atrofda turgan uylarning birining hovlisiga o‘z mashinalarini qo‘yishga majbur bo‘ldilar.
Aytish joizki, YHXBB xodimlari haqiqatdan ham yuzaga kelayotgan tartibsizlik bilan qanday kurashishni bilmasdilar.
"Ko‘z oldimizda yo‘lni tartibga solib turuvchi DAN xodimlaridan biri holatni yaxshi tomonga o‘zgartira olmay, hammasiga qo‘l siltadi va vaziyatni boshqarishni haydovchilarning o‘zlariga qo‘yib berdi", — deydi muxbir.
Tomoshabinlarga noqulaylik tug‘dirgan holatlarning yana biri — bu bog‘ga kiraverishda "metalloiskatel", ya’ni temirni aniqlaydigan maxsus uskunaning o‘rnatilganligi bo‘ldi. Bu yerda ayollar alohida, erkaklar alohida tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Hech kim bu to‘g‘ri ish ekanligiga shubha bildirmoqchi emas,albatta.
Ammo odamlar gavjum bo‘lishini inobatga olgan holda bunday uskunular soni ikki barobarga ko‘paytirilishi kerak edi, nazarimizda.
Axir, bog‘ga kiraverishda hosil bo‘lgan navbat tufayli yana vaqt yo‘qotishga to‘g‘ri keldi.
Xullas, yuqorida aytib o‘tilgan to‘siqlarni yengib ichkariga kirsangiz, Bosh archa nega bu hududga ko‘chirilganini tushunib yetasiz. Hududning bepoyonligini ko‘rib dilingiz yayrasa, attraksionlar va tomoshalar soni Mustaqillik maydonidagidan ko‘pligini ko‘rib, quvonchingizga quvonch ulashiladi. Mustaqillik maydoni buncha odamni o‘z bag‘riga olomasligi ham haqiqatdek bo‘lib ko‘rinadi.
Qisqasi, agar tirbandlikni yengib, avtoturargohlar yuqligiga ham tan berib, kiraverishdagi navbatlarga ham rozi bo‘lib Bosh archa o‘rnatilgan parkni tomosha qilish istagingiz bo‘lsa, marhamat! Barcha to‘siqlarni yengib o‘tgach, tomoshalar va attraksionlarga kuch topasiz, degan umiddamiz.