TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Shoir Erkin Vohidov 1966-2016 yillarda yashab, ijod qilgan xonadonda yodgorlik lavhasi o‘rnatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portali ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda shoirning yaqinlari, do‘stlari, adabiyotshunos olimlar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari va adibning oila a’zolari atoqli shoir qabrini ziyorat qildi. Shoir qabriga gul qo‘yilib, xotirasiga hurmat bajo keltirildi, Qur’on tilovat qilindi.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida esa Erkin Vohidov tavalludining 80-yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. Kechada Erkin Vohidov hayoti va ijodini o‘zida aks ettirgan hujjatli film namoyish etildi.
Marosimda Erkin Vohidov sevgan va uning g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlardan iborat konsert namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidentining "O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80-yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra shoirning o‘zbek tilida "Saylanma" asarlari, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan she’riy to‘plamlari nashr etildi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida "Erkin Vohidov ijodining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati" mavzuyida ilmiy konferensiya o‘tkazildi, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil qilindi.