TOShKENT, 28 dek — Sputnik. Rossiya poytaxti Moskva shahrida Qirg‘iziston fuqarolariga 5-8 ming rubl narxida soxta aviachiptalar sotilgan, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston nashri.
Nashrda berilgan xabarga ko‘ra, 200dan ortiq odamlar ushbu firibgarlik qurboniga aylangan. "26, 27, 28, 29, 30 va 31-dekabr kunlari Moskva — Bishkek va Moskva — O‘sh yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan reyslarga 200dan ziyod fuqaro soxta aviachiptalarni xarid qilgan. Firibgarlikda gumonlanib Altintay ismli Qirg‘iziston fuqarosi qo‘lga olingan", — deyiladi xabarda.
Nashrda yozilishicha, chorshanba kuni ertalab, yana 30 kishi xuddi shunday muammoga duch kelgan.
"Hozirda ularning arizalarini politsiyada ro‘yxatdan o‘tkazapmiz. Surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Aniq bo‘lishicha, ularning hammasi chiptalarni 5-8 ming rubldan xarid qilgan. Aldanganlar orasida "borish-qaytish" chiptalarini olganlar ham borligi ma’lum bo‘lmoqda. Odamlarning aksariyati Yangi yilni vatanida kutib olish istagida bo‘lgan", — deb yozadi nashr.
Xabarlarga ko‘ra, soxta aviachiptalar avgust oyidan boshlab sotila boshlagan. Ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.