TOShKENT, 27 dek — Sputnik. O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Tavakkal Temirovich Topvoldiyev 82 yoshida vafot etdi, deb xabar beradi O‘zbekiston hukumati portali.
T.Topvoldiyev 1934-yil 10-sentabrda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida ishchi oilasida tug‘ildi.
1957 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Ko‘p yillar davomida Andijon viloyati sug‘orish tarmoqlari tizimida samarali mehnat qildi.
1965-1985 yillar mobaynida Bo‘z, Ulug‘nor, Jalaquduq tumanlarida birinchi rahbar lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 1985-1996 yillarda Andijon viloyatida turli mas’ul vazifalarda ishladi.
1996 yildan umrining oxiriga qadar O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi bo‘lib xizmat qildi.
U jonkuyar va talabchan, mehribon ustoz sifatida el-yurt o‘rtasida yuksak hurmat va e’tibor qozondi.
T.Topvoldiyevning ko‘p yillik samarali mehnati munosib taqdirlandi. U "Do‘stlik" va "El-yurt hurmati" ordenlari hamda O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi.