TOShKENT, 27 dek – Sputnik. O‘zbekiston farmatsevtika sanoatida ilk bor "Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasining supermarket shaklidagi dorixonasi ochildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.
Supermarket dorixonaning interyer va dizayni zamonaviy standartlarga javob beradi, hozircha unga o‘xshash muassasa O‘zbekistonda yo‘q. Bu yerda tayyor dori vositalari, retseptli dorilar, davolovchi kosmetika, gigiyena, optika, bog‘lama vositalari, bolalar ozuqalari, dorivor o‘simliklar va boshqalarni topish mumkin.
Supermarket dorixona xaridorlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlarga ega, jumladan, kompaniya tarmoq dorixonalaridagi mavjud dorilar, tibbiy mahsulotlar haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi infokiosklar bilan ta’minlangan.
Kompaniya rahbariyati bu kabi dorixonalar soni butun respublika bo‘ylab oshishiga umid qilmoqda.