TOShKENT, 27 dek — Sputnik. 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga hujjatlar qabul qilish muddati 15-iyundan 15-iyulga qadar bo‘ladi. Oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi test sinovlari esa 5-iyul kuni o‘tkaziladi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar qilmoqda.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi o‘tkazgan matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, bu abituriyentlarga yanada ko‘proq qulaylik yaratish, ta’lim muassasalarini test jarayoniga tayyorlash, belgilangan binolar va auditoriyalarni kerakli jihoz va uskunalar, o‘quv vositalari bilan ta’minlab, muddatidan oldin shay holatga keltirish imkonini beradi.
Bu yil oliy ta’lim muassasalarining bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga 57 ming 907 talaba, jumladan, 19 ming 120 talaba davlat granti, 38 ming 787 talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi. 174 o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida saralash test sinovlari tashkil etilib, unda 138 ming 214 o‘quvchi ishtirok etdi. 10 oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘tkazilgan test sinovlarida 6 ming 163 abituriyent qatnashdi.
2016-2017 o‘quv yilida Toshkent davlat texnika, Toshkent davlat agrar, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlari, Toshkent arxitektura-qurilish, Toshkent kimyo-texnologiya, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat, Andijon qishloq xo‘jaligi, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutlari, Toshkent tibbiyot akademiyasida yangi ta’lim yo‘nalishlari ochildi.