TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Qarovsiz qolgan bolalar uchun mo‘ljallangan prezident sovg‘alari Toshkentdan viloyatlar tomon yo‘l oldi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Prezident sovg‘alari respublikaning barcha viloyatlaridagi va Qoraqalpog‘istonda joylashgan “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari, “SOS-Bolalar qishloqlari” hamda kam ta’minlangan oilalalarga tantanali sharoitda topshiriladi.
"Bu yil umumiy hisobda 11 mingta sovg‘alar tayyorlangan. Bayram sovg‘asi ichida – 12 xil o‘quv-qurollari, 15 xil shirinliklar bor. Sovg‘alar O‘zbekiston prezidenti nomidan topshiriladi. 3,85 ming sovg‘a Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga avtotransport yordamida, 6,04 ming sovg‘a “O‘zbekiston Havo yo‘llari” samolyotilari bilan 25-28 dekabr kunlari yetkizib beriladi”, — deyilgan matbuot xizmati xabarida.
An’anaga ko‘ra, Prezident archasi Toshkentda 29-dekabr kuni “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tadi. Bayramda respublikaning yetuk artistlari bolakaylar uchun teatr sahnalari, qo‘shiq va raqslar ijro etishadi. Shuningdek bolalar Qor bobo va Qor qiz bilan birgalikda o‘yinlar o‘ynab, she’rlar o‘qishadi va topishmoqlarga javob izlashadi.