TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Bolalar uyiga bir necha quti meva sovg‘a qilgan o‘zbekistonlik sotuvchi internetda ko‘pchillikning olqishiga sazovor bo‘ldi, deb yozadi Sputnik muxbiri.
Irina Fesenko ismli moskvalik ayol qarovsiz qolgan kasal bolalarga tez-tez yordam berib turar ekan. U Yangi yil oldidan og‘ir kasal bolalar yashaydigan kasalxona uchun meva cheva olgani Moskvadagi ulgurji oziq-ovqat bozorlaridan biriga yo‘l oladi.
Bozorda bir necha quti mandarin sotib olib oladi, keyin o‘zbekistonlik sotuvchidan qovun sotib olishga qaror qiladi.
"Sotuvchi qovunni taroziga qo‘ya turib, mendan bir necha quti mandarin bir kishi uchun jaa ko‘p emasmikin, deb so‘radi. Shunda, men bu mandarinlar bolalar uyi uchun Yangi yil bayramiga deb tushuntirdim. Rus tilida zo‘rg‘a gapirayotgan sotuvchi, mendan mandarinlar qayer uchun deb yana bir marta so‘radi va uning yuzi jiddiylashdi. Keyin, u bir quti xurmoni olib menga tutqazdi — buni ham ol bolalarga meni nomimdan berib qo‘yasan, dedi. Mening his tuyg‘ularim chalkashib ketdi, nima deyishniyam bilmay qoldim…. olsammi, olmasammi… Sotuvchi bo‘lsa yana savol berishga tushdi: nima u bolalarning onalari yo‘qmi? Onalari bor, lekin ular kasalxonada, ularning ko‘pi tuzalmas kasallikka chalingan. Biz ular uchun kichkina bayram qilib bermoqchimiz, — dedim. Shundan keyin sotuvchi bir quti eng yaxshi o‘zbekiston pomidorlarini olib aravacha ustiga qo‘ydi — bu ham bolalarga. Yo‘q, yo‘q, rahmat kerak emas, bolalarga pomidor mumkin bo‘lmasa kerak, — deyman men… Mumkin, mumkin men bilaman, deydi u, faqat bolalarga berayotgan vaqting "Olloh Umarga xayr qil" degin, dedi menga.
Mashina tomon yo‘l olarkanman, ko‘zimga yosh keldi, tomog‘imga bir narsa tiqilgandek bo‘ldi. Ha, biz turli din vakillarimiz, lekin ularning har birida muhabbat, rahm-shafqat va yaqin kishi haqida g‘amxo‘rlik qilish bor. Rahmat senga Umar! Xudo seni asrasin"
Shunday so‘zlar bilan Irina Fesenko o‘z hikoyasini yakunlaydi.
Facebook tarmog‘ida aytib berilgan ushbu voqea ostida olti mingga yaqin kishi "yoqdi" tugmachasini bosgan va yana yuzlab kishilar izoh qoldirgan. Ko‘pchillik o‘z izohini "Olloh Umarga xayr qil" so‘zlari bilan yakunlagan.