TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXShT mamlakatlari rahbarlariga Suriya tinchlik o‘rnatish masalalari hamda Afg‘onistondagi vaziyat haqida ma’lumot berdi, deb xabar qildi jurnalistlarga KXShT bosh kotibi Nikolay Borduja.
“Afg‘onistondagi vaziyat alohida diqqat va sinchikovlik bilan o‘rganib chiqildi. Afg‘on-tojik chegarasidagi ahvolning yomonlashuviga qarshi Tojikistonga birgalikda beriladigan yordam choralari diqqat markazida bo‘ldi”, — dedi Borduja.
Borduja aytishiga qaraganda, sammit davomida harbiy-siyosiy vaziyatga katta e’tibor qaratilgan. KXShT mamlakatlari rahbarlari, yangi paydo bo‘lgan xavflarni aniqlab, ularga qarshi birgalikda ko‘riladigan choralari ishlab chiqishga qaror qilishgan.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Vladimir Putin, Suriyada tinchlik o‘rnatish masalasi bo‘yicha Turkiya rahbari Toyyip Erdo‘g‘on bilan Ostonada muzokaralar o‘tkazish haqida kelishib olganinii xabar bergan edik.
Rossiya prezidenti fikriga ko‘ra, ushbu muzokaralar, Jeneva muzokaralarining davomi bo‘lib, ularni to‘ldirishi mumkin. Qozog‘iston prezidenti Nazarbayev ham ushbu taklifga rozi bo‘lgan edi. Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya rahbarlari orasida Ostona muzokaralari tashkil qilish borasidagi dastlabki muhokama yakshanba kuni telefon orqali bo‘lib o‘tdi.