TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari rahbarlari Ittifoq hududida umumiy transport xizmatlari bozori va umumiy elektr energiyasi bozori tashkil qilish haqidagi hujjatlarni tasdiqlashdi, deb xabar qildi YeOII Iqtisodiy komissiyasi vakili Tigran Sarkisan.
“Umumiy elektr energiyasi bozori tashkil qilish haqidagi hujjatlar tasdiqlandi. Ushbu dastur mamlakatlar orasida energiya sotish bo‘yicha munosabatlarni erkinlashtiradi. Buning uchun milliy subyektlar o‘zaro savdo qilish imkoniga ega bo‘lgan maxsus savdo maydonchasi yaratiladi. Hujjatda ushbu mexanizm batafsil aytib o‘tilgan”, — dedi komissiya vakili.
“Shuningdek, umumiy transport xizmatlari bozori tashkil qilish haqidagi hujjatlar tasdiqlandi. Ushbu hujjat ham davlatlararo munosabatlarni liberallashtirishga va milliy subyektlar uchun bir xil sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu raqobatni kuchaytirib, natijada sohadagi umumiy holatni yaxshilaydi”, — deb qo‘shimcha qildi Sarkisan.
YeOII Iqtisodiy komissiyasi vakili aytishiga qaraganda, sammitda turli sohalarga taaluqli 25ta turli masalalar ko‘rib chiqilgan. Ular orasida tashqi va ichki savdoga oid masalalar ham bor.