TOShKENT, 23 dek – Sputnik. Toshkentdagi "O‘zbekiston" mehmonxonasi kichik tantanalar zalida 2016-yilgi mavsumda O‘zbekiston chempioni va kubogi sohibi bo‘lgan "Lokomotiv" jamoasi futbolchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bayram tadbirida "Lokomotiv" jamoasi futbolchilari va klub xodimlari, ularning yaqinlari, jamoa homiylari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Davron Dehqonov va O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vitse-prezidenti Sardor Rahmatullayev O‘zbekistonning yangi chempioniga oltin medallarni topshirishdi.
Klub bosh homiysi sanaladigan "O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJ tomonidan shuningdek, "Lokomotiv"ning chempionlikka erishishiga katta hissa qo‘shgan barcha futbolchi va murabbiylariga so‘nggi rusumdagi Chevrolet Gentra avtomobillari kaliti ham topshirildi.