TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Janubiy Koreyada uchuvchilar ish tashlash e’lon qilganliklari tufayli 220dan ziyod reyslar bekor qilinadi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Xabarda aytilishicha, Janubiy Koreyaning eng yirik aviakompaniyasi bo‘lgan Korean Air uchuvchilari payshanba kuni so‘nggi 11-yil ichida birinchi o‘n kunlik ish tashlashni e’lon qilishgan. "31 dekabrga qadar 200ga yaqin ichki va 24 yo‘nalishda xalqaro reyslar bekor qilinadi", — deyilgan xabarda.
Nashr xabariga ko‘ra, payshanba kuni 18 yo‘nalishda, shu jumladan xalqaro yo‘nalishlarda ham, reyslar bekor qilingan. Bekor qilingan reyslar yo‘lovchilariga esa uchish vaqtini o‘zgartirish yoki chipta pulining to‘liq qaytarilishi imkoni taqdim etilgan.
Ish tashlash kasaba uyushmalari vakillari va Korean Air kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchuvchilarning maoshini 34%ga ko‘tarish borasida o‘tkazilgan muzokaralar omadsiz yakun topganidan so‘ng e’lon qilingan. Shu bilan birga, Korean Air ayni damda "ish tashlash tufayli yuzaga kelgan noqulayliklarni imkon qadar kamaytirish ustida" ishlayotganini ma’lum qilgan.