TOShKENT, 22 dek – Sputnik. Qarshining "Nasaf" jamoasi markaziy yarim himoyachisi Fozil Musayev Yaponiyaning "Jubilo Ivata" klubi bilan "2+1" ko‘rinishida shartnoma imzoladi. Bu haqda uning agenti – xalqaro sport yuristi San’at Sharipov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Fozil Musayev professional faoliyatini 2007-yilda "Nasaf" tarkibida boshlagan bo‘lib, 2009-yilda "Mash’al"ga o‘tgan. 2011-yilda "Nasaf"ga qaytgan va OFK kubogini qo‘lga kiritgan. 2013-yilda u "Bunyodkor" bilan shartnoma imzolagan, lekin yarim yildan Qatarning "Al-Muaydar" jamoasiga o‘tgan. Musayev 2014-yil o‘rtalarigacha ushbu klubda to‘p surgan.
2014 yil yozida O‘zbekistonga qaytib, "Lokomotiv" bilan shartnoma imzolagan. 2015-yildan 2016-yil iyuliga qadar u Eronning "Sepaxon" klubi tarkibida o‘ynadi. Shu yilning iyulidan u yana "Nasaf" tarkibida edi.
Fozil Musayev Yaponiyada o‘ynaydigan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi pic.twitter.com/mN6WjRzMyB
— Sanat Sharipov (@SanatSharipov) 21 dekabrya 2016 g.
"Jubilo Ivata" Yaponiyaning eng nomdor va unvonlar qo‘lga kiritish bo‘yicha yetakchi klublaridan sanaladi. Mamlakatning to‘rt karra chempioni tarkibida braziliyalik Dunga, italiyalik Salvatore Skillachi, rossiyalik Dmitriy Radchenko kabi o‘z vaqtining mashhur futbolchilari to‘p surishgan. Bu jamoani bir paytlar Luiz Felipe Skolari ham boshqargan.
Hozirda "Jubilo Ivata"ga Yaponiya va Osiyo futbolining o‘tmishdagi yulduz o‘yinchilaridan biri Xiroshi Nanami bosh murabbiylik qilmoqda.