TOSHKENT, 21 dek — Sputnik. 2017-yil Tovuq yili nimalarni vaʼda qiladi? Yil omadli kelishi uchun Yangi yil bayramini qanday libosda kutish kerak? Shu va boshqa qiziqarli maʼlumotlar Sputnik Oʻzbekiston xabarida.
Yil qanday keladi?
Olovrang tovuq — intiluvchan va yetakchi. Kamtarlik va oʻziga ishonchsizlik kabi hislatlar unga yot, u bularni qabul qilmaydi. Ammo kuchli va jasur insonlarga bu yil omad yor boʻlishi turgan gap. Tovuq — ajoyib roʻzgʻor bekasi. Agar oilada tovuq yilida tugʻilganlar boʻlsa, demak bu yil oʻsha oilada toʻkin-sochinlik boʻladi.
Internet olamida keltirilgan munajjimlar bashoratida keltirilishicha, bu yil rejalari va orzulari ezgulik hamda yaxshilikka ishonchga asoslangan haqiqatparvar va adolatli insonlarga omad kulib boqadi.
Yangi yil dasturxonida qanday taomlar boʻlishi lozim?
Munajjimlar bashorat qilishiga koʻra, yangi yil dasturxonida parranda goʻshti, jumladan tovuq goʻshtidan tayyorlangan taomlar boʻlmagani maʼqul. Mazali taomlarni tayyorlashda qoʻy yoki mol goʻshtidan foydalangan yaxshi, deydi ular. Shuningdek, bezak sifatida tuxumlardan ham foydalanish tavsiya etilmaydi.
Yangi yilda qanday libos tanlash kerak?
Olovrang tovuq — yorqin va gʻururli qush boʻlgani uchun bayramga ham shunga monand libos tanlagan maʼqul. Bu — qizil, toʻq sariq, jigarrang qizil, sariq yoxud malla rangdagi liboslar boʻlishi mumkin. Shuningdek, qora rangdagi liboslarni ham. Libos tanlayotganda sovuq ranglardan qochib, yorqin hissiyotlar va ishq, gurillab yonayotgan gulxanni eslatuvchi yorqin va iliq ranglarni tanlash kerak boʻladi.

Pul, pul, pul
Dunyodagi noqobil iqtisodiy vaziyat tufayli insonlarning moliyaviy holati yil boshida bir oz murakkabroq boʻlishi mumkin, deydi bashoratlar. Taʼkidlanishicha, oʻz iqtisodiy holatini yaxshilashni istaydiganlar Yangi yil kuni boyib ketishni emas, balki ish va biznes sohasida omad kulib boqishini niyat qilishlari kerak. Taqdir sizga nisbatan shafqat koʻrsatishini kutmang, harakat qiling!
Sogʻliq
Tovuq dangasalikni yoqtirmaydigan jonivor boʻlgani uchun, erta turish, jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanish, davolovchi vrachlar bilan uchrashish, koʻproq tabiat qoʻynida sayr qilish va immunitetni kuchaytirib borishga jiddiy eʼtibor qarating. Sogʻliqdagi mayda muammolarni oʻz holiga tashlab qoʻyish surunkali kasalliklar yalligʻlanishiga olib kelishi mumkin.
Muhabbat va oila
Bu yilda ishqiy munosabatlar bir maromda kechmaydi. Munajjimlar bashoratiga koʻra, janjal va mojarolarning oldini olishda oʻzgalarni tinglay bilish, yon bosish kabi hislatlar yordam berishi mumkin.
Munajjimlar bashoratiga koʻra, tovuq uyatchanlikni yoqtirmaydi, shu bois, agar kimnidir ancha vaqtdan buyon yoqtirib yurgan boʻlsangiz, tashabbuskorlikni qoʻlga oling. 2017 yilda yuragiga quloq solib ish tutadiganlarga omad yor boʻladi, lekin bu degani kallaga kelgan fikrni amalga oshirish kerak, deganimas. Har qanday oʻylanmay qilingan ish ortida koʻngilsizliklar ketma-ketligi turishi mumkinligi yodingizdan chiqmasin.
Internet maʼlumotlari asosida tayyorlandi.