TOShKENT, 20 dek — Sputnik. Irkutsk viloyati Sog‘liqni saqlash vaziri Oleg Yaroshenko xabariga ko‘ra, "Do‘lona" suyuqligidan zaharlanib vafot etganlar soni 52 kishiga yetgan.
Vazir aytishiga qaraganda, 24 kishi uyida vafot etgan, 28 kishi kasalxonalarda vafot etgan. Undan tashqari 77 kishi jabr ko‘rgan.
Shifokorlar xabariga ko‘ra, jabrlanganlarining aksariyati kasalxonaga koma holatida olib kelingan, ushbu suyuqlik iste’mol qilinganidan keyin zaharlanishga qadar 1 soatdan 24 soatgacha vaqt o‘tar ekan. Ushbu vaqt kam yoki ko‘p bo‘lishi ichilgan ichimlik miqdori va ichuvchining organizmiga bog‘liq ekan.
Xabarlarga ko‘ra, zaharlanganlarning aksariyati Novo-Lenino mikrorayionida yashagan. Huquqni saqlash organlari aynan ushbu tuman hududida "Do‘lona" qo‘lbola suyuqligi tayyorlovchi sex borligini aniqlashgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan shanba-yakshanba kunlari Irkutsk tumanlaridan birida metil spirti iste’mol qilish natijasida ommaviy zaharlanish holati yuz bergan edi. Qurbon bo‘lganlar xotirasiga viloyatda motam e’lon qilingan.
Metil spirti — eng oddiy bir atomli spirt bo‘lib, u kimoviy yo‘l bilan ishlab chiqariladi. Metil spirtining hidi etil spirtiga o‘xshash bo‘lsada, inson organizmi uchun o‘ta zaharli mahsulot hisoblanadi. Metil spirti kimyo sanoatida, turli bo‘yoqlar, formalin, formaldegid moddalari, avtomobillar uchun antifriz va muzlamaydigan oyna yuvish suvi kabi mahsulotlar ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya hukumati 2016-yilning 13-iyunidan boshlab, mamlakatda ichkilikbozlikni kamaytirish maqsadida, eng arzon aroq narxini 190 so‘m miqdorida belgilagan edi. Shundan keyin ayrim hududlarda turli surrogat yoki sun’iy spirtli ichimliklar ichish, odekolon, loson va boshqa ichishga mo‘ljallanmagan suyuqliklar ichish holatlari ko‘paygani sezilmoqda.
Ba’zi hollarda ayrim farmatsevtika korxonalari ataylab spirtli damlamalar ishlab chiqarib, ularni aptekada, dori sifatida sotmoqda. Alkogol ko‘p iste’mol qiluvchi kishilar ushbu arzon "aroq o‘rnini bosuvchi" mahsulotlarni yaxshi bilishadi, albatta. Ular ko‘chalarda, ataylab, keng reklama qilinadi.