TOShKENT, 19 dek — Sputnik. O‘zbekiston hukumatining 2016-yilning 12-dekabrida qabul qilingan qaroriga binoan Mirzo Ulug‘bek tumanini 2017-2020 yillarda kompleks rivojlantirish dasturiga ko‘ra, tuman hududida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 108 loyiha uchun 121 mln dollar sarflanadi.
Moliya manbaalari sifatida tuman korxonalarining xususiy mulki (57,7 mln $), bank kerditlari (38,8 mln $) hamda chet el sarmoyalaridan (26,5 mln $) foydalaniladi, deb xabar qilmoqda nuz.uz sahifasi.
Rasmiy prognozga ko‘ra, 2020-yilga qadar sarmoyalarning 70% yoki 84 mln $ hududida sanoat korxonalari yaratishga yo‘naltiriladi. Yaqin uch yil ichida tumanda qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati sohasi va boshqa sohalarda 52 ta yangi korxona yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Rejaga ko‘ra ushbu vaqt ichida tumanda Isuzu va MAN avtomobillari shassisida yonilg‘i tashuvchi avtomobillar, yo‘l tozalash va yuvish mashinalari, traktor pritseplari, yarim pritseplar hamda og‘ir o‘zi yurar kranlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Sarmoyalarning uchdan bir qismi — 36,9 mln $, tumanda mavjud bo‘lgan korxonalarni zamonaviylashtirishga, jumladan Toshkent Qishloq xo‘jalik texnikasi zavodini (sobiq TTZ) zamonaviylashtirishga yo‘naltiriladi.
Toshkent traktor zavodini yangilash “Asaka” banki kerditi hisobida amalga oshiriladi. Loyihaning dastlabki qiymati 10,8 mln dollar miqdorida belgilangan. Loyihada korxona xususiy mablag‘i hamda bank mablag‘i teng sheriklikda ishtirok etmoqda.
Ko‘rilayotgan ushbu choralar natijasida 2020-yilga kelib tuman eksporti umumiy qiymati 44 mln $ yetishi kutilmoqda.