TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Yangi yil arafasida Toshkent shahridagi "Turkiston" san’at saroyida "Prezident archasi" teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etilishi an’anaga aylangan. An’anaga sodiq qolgan holda, bu yil ham 29–30 dekabr kunlari o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda "Qalampir" nashri.
Taklifnoma bilan kelgan bolalarga "Prezident sovg‘asi" hadya qilinadi, konsertga chipta xarid qilib kirgan bolalarga esa sovg‘a berilishi uchun ota-onalar qo‘shimcha pul to‘lashi lozim.
Ushbu konsert dasturi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda "Tomosha" bolalar musiqiy teatr-studiyasi hamkorligida taqdim etiladi.
Bolajonlar uchun "Tomosha" bolalar musiqiy teatr-studiyasi tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan musiqiy dastur namoyish etiladi. Shuningdek, tadbirga taklif etilgan bolalarga "Prezident sovg‘asi" Lola Karimova-Tillayeva boshchiligidagi "Sen yolg‘iz emassan" xayriya jamg‘armasi tomonidan topshiriladi.