TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Abdulla Aripovni O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga tasdiqlangani munosabati bilan tabrikladi, deb xabar berdi RIA Novosti RF hukumati matbuot xizmatiga asoslanib.
Chorshanba kuni O‘zbekiston Senati palatalarining qo‘shma majlisida Abdulla Aripov mamlakat bosh vaziri etib tasdiqlandi.
"Rossiya va O‘zbekistonni do‘stona, sheriklik munosabatlari bog‘lab turadi. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda, yirik investitsiyaviy, sanoat va infrastrukturaviy loyihalar amalga oshirilmoqda", — deyiladi tabrik telegrammasida.
Bosh vazir shuningdek ko‘p tomonlama Rossiya-O‘zbekiston hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro faol ish olib borishga tayyorligini ma’lum qilgan. "Bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga to‘liq javob beradi", — deyiladi Medvedev yo‘llagan telegrammada.