TOShKENT, 16 dek — Sputnik. O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovga atalgan yodgorlik o‘rnatish bo‘yicha Xalqaro ijodiy tanlov boshlandi. Ijodiy ishlar 2017-yilning 31-martiga qadar qabul qilinadi, deb xabar beradi "Novosti Uzbekistana".
Tashkilotchilarning ma’lum qilishlaricha, tanlov yakuniga ko‘ra O‘zbekiston badiiy akademiyasi ko‘rgazmalar zalida barcha taklif etilgan yodgorlik namunalari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Uning muddati 2017-yil 10-apreligacha etib belgilangan.
Ishtirokchilar o‘z ishlarini anonim ravishda, olti xonali raqamli kod bilan belgilagan holda jo‘natishlari lozim. Tanlov qatnashchilari hakamlar hay’atiga yodgorlikning bo‘yi 70 santimetrdan baland bo‘lmagan skulptura modelini, 1:50 o‘lchamdagi maketi, planshet hamda loyiha materiallari jamlangan albomni taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Tanlov Nizomiga ko‘ra, ishtirokchilarning aksariyat qismi anonim holda qoladi. Faqatgina tanlov loyihasida mukofotga sazovor bo‘lgan mualliflarning ism-shariflari e’lon qilinadi. Birinchi o‘rin uchun mukofot 25 ming, ikkinchi o‘ringa 20 ming, uchinchi o‘ringa 15 ming dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, har biri 5 ming dollardan bo‘lgan uchta rag‘batlantiruvchi mukofot taqdim etiladi.
Hakamlar hay’ati a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishiladi va tasdiqlanadi.