TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Mashhur futbolchi Lionel Messi afg‘onistonlik Murtaz Ahmadi ismli bolakay bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Kirgizstan, UNICEF xabari asosida.
"Do‘stlar, sizga quvonchli xabar aytishga shoshilmoqdamiz! Ustiga "messi" deb yozilgan oq-ko‘k rangli polietilen paket kiyib olgan, Messi bilan uchrashishni orzu qilgan 5 yoshli afg‘on bolakayi esingizdami? Surati internet orqali dunyoning barcha burchagiga yetib borgan Murtaz Ahmadi, UNICEF ko‘ngilli elchisi, Leo Messi bilan uchrashdi", — deyilgan tashkilot xabarida.
UNICEF Kyrgyzstan xabariga ko‘ra, ushbu hayajonli uchrashuv Qatarda sodir bo‘lgan. Barselona jamoasi o‘yiniida qatnashish uchun kelgan argentinalik futbolchi o‘zining yosh muxlisi bilan Doxada uchrashgan.
Ushbu yilning Fevral oyida Murtaz Ahmadi Leo Messi imzosi qo‘yilgan oq-ko‘k rangli futbol kiyimi va to‘p olgan edi. O‘shanda Afg‘oniston Futbol federatsiyasi bolakayga Messi bilan uchrashishni va’da bergan edi.
13 dekabr kuni Doxada bo‘lib o‘tgan futbol o‘yinida Ispaniyaning "Barselona" va Qatarning "Al-Axli" jamoalari uchrashdi. O‘yin oldidan, odatda, futbolchilar bolalar futbol jamoasi o‘yinchilari bilan maydonga chiqishadi. Messi ushbu marosimda Murtaz Ahmadining qo‘lidan ushlab chiqdi. Bolakay quvonganidan bir necha bor Messini quchoqlab oldi. Marosim tugaganidan keyin ham u futbol maydonini tark etishni istamadi. Oxiri uni ko‘tarib olib chiqishga to‘g‘ri keldi.
Asli sharqiy Afg‘onistonning G‘azni viloyatidan bo‘lgan Murtaz Ahmadining otasi tolibon jangarilardan bir necha bor "Bolakay Qur’on o‘qish o‘rniga nega futbol o‘ynayapti?" degan xatlar olgan. Shundan keyin ular Pokistonga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan.