TOShKENT, 13 dek — Sputnik. 2016-yil 12-dekabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zLiDep matbuot-xizmati.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Konstitutsiyasining 98-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rsatish masalasi Siyosiy Kengash a’zolari tomonidan atroflicha muhokama qilingan.
Konstitutsiyaga binoan, O‘zbekiston bosh vaziri nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.
Majlis ishtirokchilari bo‘lib o‘tgan muhokamalar natijasida O‘zbekiston Prezidentiga bosh vazir lavozimiga hozirda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulla Aripov nomzodini taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
"Ta’kidlanganidek, Abdulla Nig‘matovich Aripov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati uchun mas’uliyatni to‘la zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor va talabchan, yangilikka intiluvchan, jonkuyar va vatanparvar, quyidan yuqorigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlardagi ijro organlarini boshqarishda yetarli tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan fidoyi insondir", — deyiladi O‘zLiDep axborotida.