TOShKENT, 12 dek – Sputnik. O‘zbekistonlik 41 yoshli gimnastikachi Oksana Chusovitina Ginnesning rekordlar Kitobiga kiritildi. Bu haqda Oksana o‘zining Instagramdagi sahifasida e’lon qilgan.
U ijtimoiy tarmoqdagi surati ostiga "Endi men rasman Ginnessning rekordlar kitobiga kiritildim", deb izoh qoldirgan.
Oksana Olimpiada o‘yinlarida ketma-ket yetti marta (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016) ishtirok etgan gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy oldi.
Sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Oksana Chusovitina 1975-yil 19-iyunda Buxoro shahrida tavallud topgan. 1992-yilda Barselona shahrida o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida dastlabki oltin medalni qo‘lga kiritgan. Sportchi 2006-2012 yillarda oilaviy muammolari sabab Germaniyada yashashiga to‘g‘ri kelgan va shu yillar davomida o‘tkazilgan musoboqalarda Germaniya terma jamoasi safida ishtirok etgan. 2013-yildan yana O‘zbekiston termasi tarkibiga qaytgan.
Oksana Chusovitina faoliyati davomida Osiyo o‘yinlari chempioni, jahon kuboklari sohibi, uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan.