TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Venada bo‘lib o‘tgan yetti soatlik muzokaralar natijasida OPEK, Rosssiya hamda yana 10 mamlakat neft bozorini barqarorlashtiradigan o‘zaro muvofiq harakatlarga kelishib olishdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Ushbu mamlakatlar birgalikda neft qazib olish hajmini sutkasiga 1,8 million barrelga qisqartirishga kelishib olishdi. Ushbu choralar neft bozorida talab va taklifni barqarorlashtirishga olib kelishi kerak.
Bundan oldin, 30-noyabrda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda OPEK malakatlari orasida neft qazib olish hajmini 1,2 millionga, OPEKka a’zo bo‘lmagan mamlakatlar — 558 ming barrelga va Rossiya — 300 ming barrelga qisqartirishi haqida kelishib olishgan edi.
Qisqartirish yanvar oyida boshlanadi, shartnomaning dastlabki muddati yarim yil, lekin u keyinchalik uzaytirilishi mumkin. Shartnomaga amal qilinmagan korxonalarga jazo berilmaydi.
Uchrashuvda ishtirok etgan mamlakat vazirlari muzokaralar ochiq-oydin va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tganini hamda erishilgan ushbu shartnomani tarixiy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlashdi. Shu bilan bir vaqtda ushbu shartnomaga qo‘shilishni istagan boshqa mamlakatlar uchun ham eshiklar ochiqligini aytib o‘tishdi.
"Bugun imzolangan shartnoma bozorlarda narxlar tez o‘zgarishini cheklab, barqarorlik o‘rnatadi. Sohaga sarmoyalar jalb qilib uning rivojlanishini ta’minlaydi", - dedi Rossiya Energetika vaziri Aleksandr Novak.
Aleksandr Novakning fikriga ko‘ra, ushbu choralar 2017-yilning 3-4 kvartalida neft bozoridagi narxlarning barqarorlashishiga olib keladi.
Saudiya Arabistoni Energetika vaziri Xalid al-Falix, o‘z navbatida shartnoma ishtirokchilari nefning ma’lum qiymatga yetishini maqsad qilib olishmagan. Uning so‘zlariga qaraganda, mahsulotning barqarorlashgan narxini bozorning o‘zi belgilaydi.
Vena shartnomasi imzolanishiga neft xom-ashyosi bozori allaqachon o‘z javobini berdi — Brent markasi ostida sotilayotgan neftning narxi 2015-yil 24-iyunidan beri birinchi bor 55$ ga yetdi.
Neft qazib olish hajmini qisqartirishniga qo‘shilgan mamlakatlar: OPEKning 14 mamlakati, Rossiya, Ozarbayjon, Bahrayn, Bruney, Qozog‘iston, Malayziya, Meksika, Ummon, Ekvatorial Gvineya, Sudan va Janubiy Sudan.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda dunyoda sutkasiga o‘rtacha 96 million barrel neft qazib olinmoqda. Kelishilgan 1,8 mln barrelga qisqartirish, jahonda bir sutkada qazib olinayotgan neft hajmini 2%ga qisqartiradi.